AI xizmatini tizimga ulash: sekin va noaniq chegara bilan ishlash
Maktab boshqaruv tizimida davomatni yuz aniqlash orqali belgilash kerak edi. Kamera rasm oladi, tashqi AI xizmati uni tahlil qiladi, tizim o'quvchini belgilaydi.
Birinchi qarashda bu oddiy integratsiya: API'ga rasm yuborasiz, javob olasiz, bazaga yozasiz.
Amalda esa AI xizmati oddiy API'ga o'xshamaydi. U uchta jihati bilan farq qiladi va ularning har biri arxitekturaga ta'sir qiladi:
- Sekin. Javob millisekundlarda emas, soniyalarda keladi.
- Ishonchsiz. Ba'zan umuman javob bermaydi yoki kechikib javob beradi.
- Ehtimollik. Natija "ha" yoki "yo'q" emas, balki ishonch darajasi.
Bu maqola shunday chegara bilan ishlash haqida.
Birinchi qoida: sinxron kutmang
Eng ko'p uchraydigan xato — AI chaqiruvini so'rov ichida bajarish:
app.post('/attendance/scan', async (c) => {
const image = await c.req.arrayBuffer()
const result = await faceService.recognize(image) // 3-10 soniya
await markAttendance(result.studentId)
return c.json({ ok: true })
})Bu ishlaydi — bitta kamera bo'lganda. Yigirma besh kamera bir vaqtda ishlaganda esa sizning ilovangiz shunchaki javob kutish bilan band bo'ladi.
To'g'ri shakl uch bosqichli:
- Rasmni qabul qilib saqlaysiz va vazifa yaratasiz.
- Darhol javob qaytarasiz.
- AI xizmati tayyor bo'lganda sizga callback yuboradi.
app.post('/attendance/scan', async (c) => {
const key = await storage.put(await c.req.arrayBuffer())
const task = await db.insert(faceTasks)
.values({ imageKey: key, cameraId, status: 'pending' })
.returning()
await faceService.submit({ imageKey: key, taskId: task.id })
return c.json({ taskId: task.id }) // darhol
})Endi javob kutish sizning ilovangizni bloklamaydi.
Callback manzili — bir marta yeb ko'rgan tuzoq
Bu integratsiyada meni eng ko'p qiynagan xato juda oddiy bo'lib chiqdi: callback manzili noto'g'ri edi.
AI xizmati o'z ishini bajarardi — yuzlab vazifa qayta ishlangan, natijalar tayyor. Lekin ular hech qayerga yetib bormasdi, chunki men ro'yxatdan o'tkazgan manzil backend'dagi haqiqiy marshrutga mos kelmasdi.
Eng yomoni shundaki, bu jimgina sodir bo'ldi. AI xizmati POST yubordi, 404 oldi va o'z jurnaliga yozdi. Mening tizimimda esa hech qanday xato ko'rinmadi — shunchaki vazifalar pending holatda qolib ketaverdi.
Bundan ikkita saboq chiqdi.
Birinchisi: callback manzilini ro'yxatdan o'tkazgandan keyin uni sinang. Qo'lda bitta test so'rov yuboring va u haqiqatan yetib borishini ko'ring. Bu ikki daqiqalik ish.
Ikkinchisi va muhimrog'i: kutayotgan vazifalar sonini kuzating. Agar pending holatdagi va besh daqiqadan eski vazifalar soni nolga teng bo'lmasa, alert chiqishi kerak. Bu bitta tekshiruv menga xatoni bir necha kun emas, bir necha daqiqada ko'rsatgan bo'lardi.
Qoida umumiy: integratsiyaning ikkala tomonida ham ko'rinuvchanlik bo'lishi kerak. Tashqi xizmat sizga xabar berolmasa, siz o'zingiz "nima kutayotganimni" sanashingiz kerak.
Callback'ni ishonchli qabul qilish
Callback — bu webhook, va u webhook'ning barcha muammolarini olib keladi: takroriy yuborish, tartibsizlik, soxta so'rovlar.
Minimal himoya:
app.post('/face-ai/callback', async (c) => {
if (!verifySignature(c)) return c.text('unauthorized', 401)
const { taskId, studentId, confidence } = await c.req.json()
const updated = await db.update(faceTasks)
.set({ status: 'done', studentId, confidence, completedAt: new Date() })
.where(and(
eq(faceTasks.id, taskId),
eq(faceTasks.status, 'pending'), // faqat bir marta
))
.returning()
if (updated.length === 0) return c.text('ok') // takroriy — jimgina
await enqueue('attendance:apply', { taskId })
return c.text('ok')
})status = 'pending' sharti idempotentlikni ta'minlaydi: bir xil callback ikki marta kelsa, ikkinchisi hech narsa qilmaydi.
E'tibor bering: callback ichida davomat belgilanmaydi, faqat vazifa navbatga qo'yiladi. Sabab avvalgi bilan bir xil — callback tez javob berishi kerak.
Ehtimollik bilan ishlash
Eng qiziq qismi shu. AI xizmati sizga "bu o'quvchi Anvar" demaydi. U "bu Anvar bo'lish ehtimoli 0.87" deydi.
Endi savol: 0.87 yetarlimi?
Javob xato narxiga bog'liq va bu sof muhandislik qarori emas, mahsulot qarori.
Ikki xil xato bor va ular teng emas:
- Noto'g'ri odamni belgilash. Anvar kelmagan, lekin tizim uni kelgan deb yozdi. Bu yomonroq — ota-onaga noto'g'ri ma'lumot boradi.
- Kelgan odamni belgilamaslik. Anvar kelgan, lekin tizim aniqlay olmadi. Bu ham yomon, lekin tuzatilishi oson: o'qituvchi qo'lda belgilaydi.
Ikkinchi xato arzonroq, shuning uchun chegarani yuqori qo'yish to'g'ri. Ishonchsiz holatda tizim qaror qabul qilmasligi kerak.
Amalda men uch zonali yondashuvni foydali deb topdim:
- Yuqori ishonch — avtomatik qabul qilinadi
- O'rta zona — odam tasdiqlashi uchun ro'yxatga tushadi
- Past ishonch — tashlab yuboriladi
O'rta zona eng muhimi. Usiz sizda faqat ikki variant qoladi: xato qilish yoki ma'lumotni yo'qotish. O'rta zona esa "bilmayman" degan halol javobni beradi va qarorni odamga qoldiradi.
Ma'lumot sifati — asosiy cheklov
Bitta muhim haqiqat: AI xizmatining aniqligi ko'p hollarda modeldan emas, kirish ma'lumotidan kelib chiqadi.
Pilot maktabda 336 o'quvchidan 306 tasining rasmi tizimga kiritilgan edi. Qolgan 30 tasi rasmsiz — va ular uchun tizim hech qachon ishlamasligi kerak edi.
Bu texnik muammo emas, lekin u texnik ko'rinishga ega: o'qituvchi "tizim ishlamayapti" deb aytadi, aslida esa o'sha o'quvchining ma'lumoti yo'q.
Shuning uchun integratsiyaga qamrov ko'rsatkichi qo'shish kerak: nechta obyekt tizimda ro'yxatdan o'tgan, nechtasi yo'q. Bu son mahsulot uchun aniqlik ko'rsatkichidan muhimroq, chunki u tuzatilishi mumkin bo'lgan muammoni ko'rsatadi.
Xato holatlari ro'yxati
Bunday integratsiyada rejalashtirilishi kerak bo'lgan holatlar:
- AI xizmati javob bermaydi — vazifa
pendingda qoladi, timeout keyin qayta urinish - Callback kelmaydi — kutayotgan vazifalar alerti
- Callback noma'lum vazifa identifikatori bilan keladi — logga yozing, tashlang
- Bir xil callback ikki marta keladi — idempotentlik sharti tutadi
- Ishonch chegaradan past — odam ro'yxatiga
- Xizmat noto'g'ri formatda javob beradi — validatsiya va
failedholati
Oxirgi punkt haqida alohida: tashqi xizmat javobini albatta tekshiring. AI xizmatlari ba'zan kutilmagan format qaytaradi va bu sizning kodingizni tushunarsiz joyda yiqitadi.
Umumiy naqsh
Bu maqolada gap yuz aniqlash haqida bo'ldi, lekin naqsh har qanday sekin va noaniq xizmat uchun bir xil: hujjat tanish, matn tahlili, rasm generatsiyasi, tarjima.
Umumiy shakl shunday:
- So'rovni qabul qil, vazifa yarat, darhol javob ber.
- Vazifani tashqi xizmatga yubor.
- Natijani callback orqali ol, idempotent qabul qil.
- Qayta ishlashni navbatga qo'y.
- Ishonch darajasiga qarab uch zonaga ajrat.
- Kutayotgan vazifalar sonini kuzat.
Oltinchi punkt eng ko'p tashlab ketiladigani va eng ko'p og'riq keltiradigani. AI integratsiyalari qulamaydi — ular jimgina to'xtaydi. Va agar siz nima kutayotganingizni sanamasangiz, buni faqat foydalanuvchi aytganda bilasiz.