Nimani test qilaman, nimani ataylab yo'q
Test haqidagi suhbatlar odatda noto'g'ri savoldan boshlanadi: "qamrovimiz necha foiz?".
Bu savol yomon, chunki uning javobi hech narsani anglatmaydi. Men yuz foiz qamrovga ega, lekin hech qanday haqiqiy xatoni tutmaydigan test to'plamlarini ko'rganman. Ular faqat bitta narsani isbotlaydi: kod yozilganidek ishlaydi. Bu esa siz allaqachon biladigan narsa.
To'g'ri savol boshqacha: qaysi kod sinsa, men buni bilishim kerak?
Uch xil kod
Har qanday loyihada kodni uch guruhga bo'lish mumkin, va ularning har biriga munosabat boshqacha.
Birinchi guruh — qoidalar. Narx hisoblash, chegirma qo'llash, davomat foizini chiqarish, ruxsatni tekshirish. Bu kod sof: kirish beriladi, chiqish qaytadi. Uni sinash oson va u sinsa oqibat qimmat.
Bu guruh test uchun eng foydali joy. Men shu yerga kuchimning katta qismini sarflayman.
Ikkinchi guruh — ulanishlar. Baza so'rovlari, HTTP handlerlar, tashqi API chaqiruvlari. Bu yerda mantiq kam, lekin xatolar ko'p — noto'g'ri maydon nomi, unutilgan await, noto'g'ri status kod.
Bu guruhni unit test bilan qoplash odatda foydasiz, chunki siz baza o'rniga mock qo'yasiz va natijada o'z mock'ingizni test qilasiz. Bu yerda integratsiya testi kerak — haqiqiy baza bilan.
Uchinchi guruh — yopishtiruvchi kod. Konfiguratsiya o'qish, obyekt shakllantirish, oddiy o'tkazgichlar. Bu kod sinsa build yoki birinchi so'rovdayoq ma'lum bo'ladi.
Bu guruhni men ataylab test qilmayman. Uning testi vaqt oladi, hech narsa tutmaydi, va refaktoring qilganda birinchi bo'lib to'siq bo'ladi.
Mock qachon zarar
Mock — testdagi eng ko'p suiiste'mol qilinadigan vosita.
Sababi tushunarli: u testni tez va oson qiladi. Muammo shundaki, siz mock yozganda tizim qanday ishlashi haqidagi taxminingizni yozasiz. Agar taxmin noto'g'ri bo'lsa, test yashil bo'ladi va prod qulaydi.
Amaliy misol. Baza so'rovini mock qilib, u massiv qaytaradi deb yozasiz. Test o'tadi. Prod'da esa ORM bo'sh natijada null qaytaradi va kod shu yerda yiqiladi. Test bu xatoni tuta olmasdi, chunki u haqiqatni emas, sizning tasavvuringizni tekshirardi.
Mening qoidam shunday: o'z kodimni mock qilmayman. Mock faqat men nazorat qilmaydigan chegaralarda — to'lov tizimi, SMS yuborish, tashqi API.
Baza uchun mock o'rniga haqiqiy baza ishlataman. Docker'da bitta konteyner ko'tariladi, migratsiya yuriladi, testlar o'tadi, konteyner o'chadi. Bu sekinroq — lekin natija haqiqatni ko'rsatadi.
Test nimani tekshirishi kerak
Eng ko'p uchraydigan xato — testni amalga oshirishga bog'lab qo'yish.
Yomon test:
it('calculateDiscount ichida applyRule chaqiriladi', () => {
const spy = vi.spyOn(rules, 'applyRule')
calculateDiscount(order)
expect(spy).toHaveBeenCalled()
})Bu test kodning ichki tuzilishini muzlatib qo'yadi. Ertaga siz applyRule ni boshqa nom bilan yozsangiz yoki mantiqni ichkariga ko'chirsangiz — xatti-harakat o'zgarmasa ham test qulaydi.
Yaxshi test:
it('5 tadan ortiq buyurtmaga 10% chegirma beradi', () => {
expect(calculateDiscount({ items: 6, total: 100000 })).toBe(90000)
})Bu test natijani tekshiradi. Ichkarini xohlaganingizcha qayta yozing — test sizni qo'llab-quvvatlaydi, to'sqinlik qilmaydi.
Oddiy tekshiruv: agar refaktoring paytida testni ham o'zgartirishga majbur bo'lsangiz, demak test noto'g'ri darajada yozilgan.
Chegara holatlari — asosiy qiymat
Test to'plamining haqiqiy qiymati "hammasi to'g'ri ishlaydi" holatida emas. Uni siz baribir qo'lda sinaysiz.
Qiymat chegaralarda:
- Bo'sh ro'yxat. Nol element bo'lganda o'rtacha qiymat nima?
- Chegara soni. Chegirma "5 tadan ortiq" bo'lsa, aynan 5 ta bo'lganda nima bo'ladi?
- Yo'q ma'lumot.
nullvaundefined— ikkalasi ham. - Takroriy chaqiruv. Bir xil so'rovni ikki marta yuborsak, ikkita buyurtma yaratiladimi?
- Vaqt chegarasi. Oyning oxirgi kuni, yil almashishi, chorak chegarasi.
Oxirgisi maktab tizimida ayniqsa muhim: chorak va o'quv yili chegaralari deyarli har bir hisobotga ta'sir qiladi va ular aynan chegara kunlarida noto'g'ri ishlaydi.
Qachon test yozmaslik ham to'g'ri
Bu qismni aytish qiyin, lekin halol bo'lish kerak: har bir loyihaga test kerak emas.
O'z bloglagi izohlar tizimini yozganda men ataylab unit test yozmadim. Sabablar aniq edi: kod hajmi kichik, mantiq deyarli yo'q, xato narxi past (izoh ko'rinmay qolsa hech kim zarar ko'rmaydi), va men uni bir marta yozib qo'yib yuboraman.
O'sha vaqtni men boshqa narsaga sarfladim — bazadagi ruxsatlarni qo'lda, aniq stsenariylar bo'yicha tekshirishga. Chunki u yerda xato narxi haqiqatan yuqori edi.
Qaror mezoni shu: xato narxi × takrorlanish ehtimoli. Ikkalasi ham past bo'lsa, test yozmaslik to'g'ri muhandislik qarori, dangasalik emas.
Aksincha, KWin uchun yozgan oyna boshqaruvi skriptimda 22 ta test bor. U yerda mantiq murakkab, chegara holatlari ko'p va har o'zgarishda regressiya ehtimoli yuqori. Bir xil odam, bir xil oy — butunlay boshqa qaror.
Amaliy boshlash nuqtasi
Agar loyihangizda test umuman bo'lmasa, hammasini qoplashga urinmang. Shu tartibda boshlang:
- Eng ko'p pul yoki ishonch bilan bog'liq hisob-kitob funksiyasini toping. Unga test yozing, chegara holatlari bilan.
- Oxirgi marta prod'da chiqqan xatoni oling va uni takrorlaydigan test yozing. Bu test darhol qiymat beradi.
- Eng muhim uchta HTTP oqimiga haqiqiy baza bilan integratsiya testi yozing.
- To'xtang va bir oy shu bilan yashang.
Keyin qarang: qaysi testlar sizni haqiqatan qutqardi, qaysilari faqat refaktoringga to'sqinlik qildi. Ikkinchi guruhni o'chirib tashlang.
Test to'plami — bu kod, va har qanday kod kabi u ham xarajat. Uni sarmoya sifatida ko'ring: qaytimi yo'q joyga pul solmang.